Dostonchilik maktablari

Dostonchilik maktablari

Dostonchilik maktablari

          Dostonchilik o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yirik va keng tarqalgan janri. “Doston” so‘zi adabiy atama sifatida xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotdagi yirik hajmli epik asarlarni anglatadi. Xalq dostonlarini do‘mbira jo‘rligida ijro etuvchi va kuylovchi san’atkor “shoir” yoki “baxshi” deb atalgan.

     Dastlab qo‘shiq shaklidagi, musiqa asbobisiz kuylanadigan asarlar yaratilgan bo‘lib X-XI asrlarga kelibgina dostonlarni do‘mbira jo‘rligida aytila boshlangan. Dostonning bunday namunalari kaspiy va orol dengizlari bo‘ylaridagi qadimgi ko‘chmanchi turkiy qabilalar orasida vujudga kelgan. Epik dostonlarni yaratuvchi va kuylovchi badihago‘ylar ko‘payib borgan sari ustoz- shogird an’analari vujudga kela boshladi va natijada ko‘pgina dostonchilik maktablari paydo bo‘ldi.

       XV-XVI asrlar doston taraqqiyotida jiddiy ko‘tarilish bosqichi, XIX-XX asrlar esa uning rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda baxshilar repertuarida 150 dan ortiq xalq dostonlari bo‘lib, ularni Tilla kampir, Sulton kampir, Jonon baxshi, Buron shoir, Jumanbulbul, Jossoq, Xonimjon xalfa, Buvi shoira, Suyav baxshi, Amin baxshi, Yo‘ldoshbulbul, Sultonmurod, Qurbonbek, Yo‘ldosh shoir, Suyar shoir, Sherna yuzboshi kabi mashhur baxshilar kuylab kelganlar. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan, Islom shoir, Saidmurod Panox o‘g‘li, Berdi baxshi, Abdulla Nurali o‘g‘li, Umir shoir, Bola baxshi, Ahmad baxshi kabi yetakchi san’atkorlar o‘zlariga zamondosh boshqa baxshilar bilan birgalikda bu epik an’anani davom ettirdilar. Dostonchilik qat’iiy tartibga rioya qilingan ya’ni doston eshitish uchun maxsus kechalar uyushtirilgan, to‘y hashamlar ham baxshilarsiz o‘tmagan. Baxshi ijro davomida dostondagi har bir tasvirga mos so‘z topib, o‘sha so‘zlarga monand xatti-harakatlar qilgan. Tinglovchilarni qiziqtirish bilan, o‘zi ham tobora avjga chiqqan. Iqtidorli dostonchilar ikki-uch kecha mobaynida, hatto oylab doston kuylay olganlar. Masalan, Sherna Berdinazar o‘g‘li yetti kecha davomida doston ayta olgan. Ba’zi dostonlarning hajmi ham ikki - uch kecha mutassil ijro etishni taqozo etgan. Dostonchi, odatda, voqea eng qiziq joyga yetganda kuylashni to‘xtatib, tanaffus qilgan, bu esa tinglovchilarning qiziqishini yana ham oshirgan. Doston kechalariga ikki-uch baxshi tashrif buyurgan. Bunday hollarda dostonchilar o‘zaro tortishuvga kirishganlar: bir-birlarining iqtidorlarini, so‘zdagi chechanligini, soz chalishdagi mahoratlarini sinaganlar. Tinglovchilar ularga baho berganlar. Xalq olqishini olmagan dostonchi davradan chiqib ketgan.

       O‘zbek baxshichilik va dostonchiligida Bulung‘ur, Narpay, Qo‘rg‘on, Xorazm, Shahrisabz, Sherobod kabi yirik dostonchilik maktablaridan tashqari, Qamay, Piskent, Qulbuqon, o‘zbek laqay va boshqa shunday markazlar ham ma’lum. Ularning repertuarlari, uslubi, ma’lum ijod tamoyili va ijro usullariga ko‘ra bir-biridan ajralib turadi.

      Qamay dostonchilik maktabi—XIX-asrda Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanining Qamay qishlog‘i bilan bog‘liq Qamay dostonchilik maktabi mavjud bo‘lgan. Bu maktab Dehqonobod va G'uzor tumanlari atrofida yashovchi Abdukarim Juyruq (XIX -asr), Mulla Xolnazar o‘g‘li (1910-yil v.e.), Bozor Sherqul o‘g‘li (1887—1953), Hazratqul baxshi Xudoyberdiyev (1920-yil t.) kabi 60 ga yaqin baxshilarni birlashtirgan. Ular Shahrisabz dostonchilik maktabi bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. Qamay dostonchilik maktabi vakillari xalq dostonlarning lirik yo‘nalishiga alohida e’tibor berishgan. Qamay dostonchilaridan “Nuralining yoshligi” (1972, 1977), “Xonimoy” (1963) va boshqa dostonlar yozib olingan.

       Qamay baxshilari haqida gap ketganda ularning bir qismi o‘qimishli mullalar bo‘lganliklariga e’tiborni qaratish lozim. Demak mulla shoirlar ham diniy qissalarni, jangnomalarni o‘qib, qissaxonlik qilib, ayni damda an’anaviy xalq dostonlarini kuylab e’tibor qozonishgan. Bu esa ular kuylagan dostonlarda badiyatning kuchayishiga olib kelgan. Respublikamizning boshqa hech qaysi hududida asli din vakillari hisoblangan mullalarning xalq epik ijodiy taraqqiyotiga Kamaylik mulla baxshilar singari hissa qo‘shish holati uchramaydi. Qamaylik mulla Xolnazar “Nurali” turkum dostonlaridan biri “Nuralining yoshligi”dostonini xalq kitobi tarzida yozdirib qoldirgan. Qamayliklar XVII asrning oxiri - XVIII asrning boshlarida Surxon vohasidan ko‘chib kelishgan va ular hamon shu voha aholisi bilan qarindoshchilik aloqalarini uzgan emas. Doimiy aloqada bo‘lish, munosabatlari Sherobod va Qamay dostonchiligidagi bu o‘xshashliklarda ham o‘z aksini topgan. Bugungi kungacha Qamay baxshichilik maktabining quyidagi vakillari aniqlangan. Berdimurod shoir, Murod baxshi Xo‘jayor o‘g‘li, Abdukarim Juyruq Xidir shoir, Boysari baxshi, Mulla Xolnazar, Mulla Yo‘ldosh, Sadulla Hakimov, Mulla Xo‘jamqul, Mulla Eshonqul, Mulla Bozor shoir, Nazar shoir Shukur o‘g‘li, Sherqul baxshi, Shonazar shoir, Xudoyqul shoir, Yaxshiboy o‘g‘li, Normurod shoir, Oynazar shoir, Elmurod qori, Shomir shoir, Meyli shoir, Tulak shoir, Bozor Sherqul o‘g‘li, Mamatqobil shoir, Bobonazar shoir, Berdiyor shoir, Erka shoir Oynazar o‘g‘li, Axmad Berdiyor o‘g‘li va boshqalar Qamay dostonchiligi maktabiga mansub bo‘lgan ijodkorlardir.

        Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi - o‘zbek folklorshunosligida baxshichilik san’ati markazlaridan biri hisoblanadi.

Qo‘rg‘on dostonchilik maktabiga mansub baxshilar Mang‘ishtog‘, Nurota tog‘i, Oqtog‘ etaklaridan Miyonkulga qadar cho‘zilgan keng hududda yashaganlar. Ularning ko‘pchiligi Qo‘rg‘on qishlog‘ida tarbiya topgan. Ushbu maktabning taniqli vakillaridan Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ota-bobolari tomonidan asos solgan bu dostonchilik maktabi XVII-XX asrlar davomida yashab ijod etgan Yodgor usta Qo‘lay o‘g‘li, Usta Lafas Yodgor o‘g‘li, Tilla kampir, Mulla Tosh usta Lafas o‘g‘li, Mulla Xolmurod Mulla Tosh o‘g‘li, Jolmon baxshi, Sulton kampir, Qulsomad baxshi, Jumanbulbul, Jossoq Mulla Xolmurod o‘g‘li, Yorlaqab baxshi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Darvesh baxshi, Po‘lkan shoir, Ollamurod baxshi, Egamberdi Ollamurod o‘g‘li, Usta Xoliqul, Abdimurod Berdixol o‘g‘li, Qurbonqul baxshi, Mardi shoir, Raxmatillo Yusuf o‘g‘li kabi o‘nlab taniqli dostonchilarni o‘ziga birlashtirgan. Bu baxshilar ko‘proq ishqiy dostonlarni kuylashgan. O‘ziga xos chuqur lirizm, chiroyli tasvirlar, noziklik va jimjimadorlik Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi uslubining belgilaridir. Bu hol Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining ko‘proq yozma adabiyotdan an’analariga uyg‘unlashib borganligini ko‘rsatadi.

        Bulung‘ur dostonchilik maktabi — Samarqand viloyatining Bulung'ur tumanida tashkil topgan baxshichilik san’ati markazidir. Bu maktabga mansub baxshilar asosan qahramonlik dostonlarini ijro etish bilan mashhur bo‘lganlar. Bu maktab vakillari repertuaridagi dostonlarning soddaligi, o‘ta an’anaviy va nisbatan arxaikligi bilan ajralib turadi. XVIII-XX-asrlarda yashab ijod qilgan Amin baxshi, Muhammad shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod, Yo‘ldosh bulbul, Yo‘ldosh Mulla Murod o’g‘li, Rahimbulbul, Jo‘ra shoir, Do‘styor Xo‘jayor o‘g‘li, Xo‘janazar baxshi, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Yorlaqab Beknazar o‘g‘li kabi o‘nlab yirik taniqli baxshi dostonchilarni o‘zida birlashtirgan bo‘lib, ular asosan Bulung'ur, Jomboy, Poyariq, G'allaorol, Zomin, Jizzax hududlarida yashab ijod qilganlar. Bu baxshilar dostonlarni asosan do‘mbira, ba’zan qo‘biz jo‘rligida ijro etganlar. Ushbu maktab vakillaridan yozib olingan “Alpomish, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Mashriqo”, “Balogardon”, “Nurali”, “Shirin bilan Shakar”, “Rustam”, “Murodxon”, “Zevarxon” va bir qator boshqa dostonlar badiiy uslubi jihatidan Bulung‘ur dostonchilik maktabiga xos xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan.

 

Мавзуга доир янгиликлар

image
2019-12-08 139

ўқувчи ва ўқитувчилари иштирок этишди.

image
2019-12-09 171

Mаҳаммад бахши Эшбоев диплом ва совгалар бн тақдирланди.

image
2020-01-10 99

"Қишки таътилда 5 та ташаббус" шиори остида ўтказилган вилоят семинари.

image
2020-01-23 380

Бахшичилик санъатини ривожлантириш жамғармаси очилди