TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari o‘tkazildi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Toshkentda o‘tkazilayotgan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari o‘z nihoyasiga yetdi.
Dasturi doirasida 19-iyun kuni dastlab TURKSOYga a’zo mamlakatlar masullarining o‘zaro muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov TRT Avaz direktori Sedat Sagirkaya bilan muloqot o‘tkazdi va o‘zaro hamkorlikka oid kelishuvlarga erishdi.
"Turkish Airlines" boshqaruv a’zosi Orxan Birdal bilan muloqot o‘tkazmoqda. Muloqotda ikki mamlakat shaharlaridan aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi (Parliamentary Assembly of Turkic States) bosh kotibi Mehmet Süreyya Er bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda TURKPA bilan hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur tashkilot turkiy davlatlar oʻrtasida parlamentlararo aloqalar mexanizmini shakllantirish, siyosiy qarashlarni yaqinlashtirish, axborot almashish, turkiy madaniyatni targʻib qilish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida 2008-yil 21-noyabrda Istanbulda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston parlamentlari raislari ishtirokidagi konferensiyasida tashkil etilgan.
Shu kunning o‘zida Madaniyat va turizm vaziri Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sultanbay Rayev bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda Bosh kotib O'zbekistonda 30 yillik bayram tadbirlarining yuqori saviyada tashkil qilinayotganini alohida e’tirof etib, minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda o‘zaro madaniy aloqalar ko‘lami kengaygani, yangi tashabbuslar soni va sifati o‘sgani va albatta, bu jarayonda O'zbekistonning ishtiroki muhim bo‘layotganini ta’kidladi.
TURKSOY bilan hamkorlikda mamlakatimizda bir qator nufuzli xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. 2023-yil davomida “Beruniy tavalludining 1050 yilligi”ni nishonlash “Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi”, “G‘ofur G‘ulom tavalludining 120 yilligi” ga bag‘ishlab madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish belgilangan.
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashuvda hamkorlikka oid bir qator masalalar, jumladan «Tabarruk ziyorat» turizm platformasi bazasini yanada kengaytish, turkiy tilli mamlakatlardagi ziyorat maskanlarining ma'lumotlari bilan integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
“Tabarruk ziyorat” turizm platformasi Prezidentning “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil qilindi. Hozirda platmormada 7 tilda 70 dan ortiq madaniy meros ob’yektlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.
Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri A.Kerimli bilan muloqotda madaniyat sohasida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, Bokuda O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish bilan bog‘liq rejalar muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida bayram tadbirlari “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida davom etdi.
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOYning 30 yillik yubiley tantanalari munosabati bilan turkiy davlatlar orasida madaniyat va san’atni keng targ‘iboti, mukammal ijrochi va professonal mahorati bilan, turkiy davlatlarda obro‘ va etibor qozongan taniqli madaniyat va san’at xodimlari uchun ta’sis etilgan “OLTIN MЕDAL” mukofoti bilan O'zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov taqdirlandi.
Mukofotni TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev topshirdi.
“OLTIN MЕDAL” mukofoti bilan taqdirlanganlar qatorida marhum davlat va jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, professor Sayfullayev Baxtiyor SAYFULLAYEVICH O‘zbekiston halq artisti Sherali JO‘RAYEV, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Vaxobjanovich NURIDINOV, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saloxovich SAIDOV, O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Xabibovich Sa’diyev va O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Ibragimovna USMONOVAlar ham bor.
Shuningdek, tashkilotning "30 yillik" ko‘krak nishoni bilan bir guruh madaniyat va san’at xodimlari taqdirlandi.
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida TURKSOYga a’zo davlatlar san’atkorlari ishtirokidagi yubiley konsert dasturi boshlandi.
Konsert dasturi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng, Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov so‘zga chiqib, yig'ilganlarni bayram bilan qutladi.
TURKSOYga a’zo davlatlar san’atkorlari ishtirokidagi yubiley konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Konsert dasturi turkiy mamlakatlar san’at ustalarining chiqishlari bilan davom etdi.